Mimoza salati tayyorlash — retsepti, bosqichlari, rasmlari
«Mimoza» salati — pazandalik klassikasi sanaladi. Maydalangan tuxum sarig’i bilan bezatilgan ushbu salat gullarni eslatib, dasturxonga bayramona qiyofa bag’ishlaydi, shuning uchun Mimoza salati bayram marosimlarida tez-tez tayyorlanadi. Salat juda yumshoq va to’yimli sanaladi, quyida uning klassik retsepti sizga havola etiladi.
Mimoza salati tayyorlash retsepti
Tayyorlash vaqti: 25 daqiqa | Portsiyalar soni: 7
Kerakli masalliqlar:
- Yog’da konservalangan baliq — 200 g (1 banka);
- Kartoshka — 300 g;
- Sabzi — 200 g;
- Piyoz — 100 g;
- Qattiq pishloq — 150 g;
- Mayonez — 250 g;
- Tuxum — 4 dona;
- Ko’katlar (kashnish, shivit) — 50 g;
Tayyorlash jarayoni
- Ishni sabzi, kartoshka va tuxumni qaynatib olishdan boshlash kerak. Qaynatilgan mahsulotlar sovutilib, po’stlog’idan tozalanadi.
- Qirg’ichning kichik tishidan sabzi, kartoshka, tuxumning sarig’i va oqi, pishloq chiqariladi. Barcha masalliqlar hozircha alohida idishchalarga solinadi.
- Salat tayyorlanadigan likopchaga baliq yog’i bilan birgalikda solinib, sanchqi yordamida ezib, tekislanadi. Ustidan biroz mayonez surtiladi.
- Baliq ustidan tuxumning oqi yoyiladi, yana bir qavat mayonez surtiladi. Tuxum oqidan so’ng navbat qirg’ichdan chiqarilgan sabziga keladi, u ham tekis qilib yoyiladi va ustidan mayonez surtiladi.
- Piyoz mayda qilib to’g’raladi, idishga solinadi va ustidan qaynoq suv quyiladi. Shu tariqa achchig’i ketishi uchun 5-10 daqiqaga qoldiriladi.
- Sabzi ustidan piyoz, piyoz ustidan esa kartoshka qo’yiladi. Tuz va mayonez qo’shiladi.
- Keyingi navbatda pishloq teriladi, ustidan mayonez quyiladi va tekislanadi.
- Va nihoyat salatning so’ngi qavatini tuxumning sarig’i va ko’katlardan tayyorlangan bezak egallaydi. Salat 2 soatga sovutgicha qo’yiladi, shundan so’ng u tayyor! Yoqimli ishtaha!
Tavsiyalar
- Qatlamlar orasiga mayonezni iloji boricha kamroq va bir tekis qilib yoyishga harakat qiling.
- Eng avvalo piyozni issiq suvga solib qo’ysangiz, qolgan ishlarni bajarguncha u tayyor bo’lib turadi.
- Xohishga ko’ra baliq va kartoshkaning o’rnini almashtirish mumkin, bu uning ta’miga ta’sir qilmaydi, biroq likopchani yuvish osonroq bo’lishi mumkin.
- Sovutgichga qoldirishga befarq bo’lmang, aks holda salatning qattiqligi yo’qoladi va u «uvalanib» keta boshlaydi.
- Konserva tanlashda uning sifatiga alohida urg’u bering, chunki salatga asosiy ta’mni aynan baliq beradi.
- Pishloq juda yumshoq bo’lsa, uni qirg’ichdan chiqarishdan oldini 10 daqiqa muzlatgichga qo’yish kifoya, shunda u yaxshi o’tadi.