Pirog tayyorlash — retsepti, sirlari, oddiy va mazali piroglar pishirish usullari, qadamlar
Pirog — bu odatda nachinkasi bo’lgan xamirli pishiriqdir. Uning ochiq va yopiq turi mavjud: ochiq turdagisida nachinka xamir ustida tursa, yopiq turdagisida nachinka xamir ichida bo’ladi. Mazali piroglar tayyorlashning ko’plab retseptlari mavjud: olmali, limonli, murabboli, go’shtli, qatiqli pirog va ko’plab boshqa turdagilar. Agar sizni oddiy pirog pishirish usullari qiziqtirayotgan bo’lsa, quyida ushbu pishiriqning eng sodda va mazali retsepti keltiriladi.
Kerakli masalliqlar
Pirog retsepti quyidagilardan iborat:
- 5 osh qoshiq margarin yoki sariyog’
- 1 stakan shakar
- 4 ta tuxum
- 1 choy qoshiq vanilin
- yarim stakan qatiq yoki sut
- 1,5-2 stakan un
- 1 choy qoshiq sirkada so’ndirilgan iste’mol sodasi
Oddiy pirog tayyorlash usuli
- Tuxum va shakar sanchqi yordamida yengil ko’pirtiriladi.
- Aralashmaga yog’, vanilin va qatiq yoki sut qo’shiladi, yengil aralashtiriladi
- So’ng sirkada so’ndirilgan iste’mol sodasi va un qo’shilib, suyuq xamir tayyorlanadi.
- Xamir aralashtiriladi, uning quyuqligi qaymoqdek bo’lishi kerak.
- Ta’bga ko’ra xamirga maydalangan yong’oq, bodom yoki limon sedrasi qo’shish mumkin.
- Xamirni shaklga solib, 180-200 ºC haroratda 40 daqiqacha pechda pishirish kerak.
- Tayyor bo’lgan pirog sovutilib, ustidan qand upasi sepilib, dasturxonga tortiladi.
Agar mevali pirog tayyorlash istagi bo’lsa, shaklga xamirning yarmini solib, ustidan meva bo’laklarini terib (masalan olmali pirog pishirish uchun), ustidan xamirning qolgan qismini quyib, pechga solish kerak.
Zebra pirog pishirish uchun tayyor bo’lgan xamir teng ikki qismga bo’linadi, biriga kakao solib, aralashtiriladi. Dastavval shaklga kakosiz xamir solinib, ustidan ingichka qilib kakoli xamir quyib chiqiladi. Bunda xamir oqimi bilan turli naqshlar chizish mumkin.
Pirog pishirish sirlari
Piroglar tayyorlashda ular mazali chiqishi uchun o’z sirlari mavjud:
- Eng birinchi shart — xamir havodor, yaxshi ko’tarilgan bo’lishi. Shuning uchun unni yaxshilab elashni unutmang.
- Xamirga iste’mol sodasi va vanilinni ortiqcha solib yuborgandan ko’ra, kamroq solish yaxshiroqdir.
- Pirog yangiligini uzoqroq saqlab turishi uchun unga o’simlik moyi qo’shiladi.
- Pirog sovumagunicha uni kesmaslik afzal. Ammo bu zarur bo’lsa, pichoqni qayqon suvda isitib, tezda artib, so’ng kesgan ma’qul.
- Agar pirog protivendan olinishi qiyin bo’lsa, bunda ipdan foydalanish kerak.
- Agar pirog uchun nachinka o’ta suyuq bo’lsa, unga 2-3 qoshiq ezilgan qattiq non yoki kraxmal qo’shish kifoya.
Raxmat
Oshxonada hech narsani bilmaydiganlar uchun ham oson va sodda ritseplar kop ekan ? qo’shimcha maslahatlari ayni muddao ??
men shu saytdan foydalanib pishiriqlar pishirib ko’rdim va hammasi o’xshab chiqyapti