Yarating, o'rganing, bilib oling

Chizkeyk tayyorlash retsepti — 5 ta eng mazali turi, pishirishda tavsiyalar

Chizkeyk tayyorlash retsepti — 5 ta eng mazali turi, pishirishda tavsiyalar

Chizkeyk — yevropa va amerika oshxonasining klassik pishirig’i. U klassik, likyorli, bananli, shokoladli yoki tvorogli bo’lishi mumkin, quyidagi retseptlar va tavsiyalar sizga bu pishiriqni mazali qilib pishirishda yaqindan yordam beradi.

Ideal chizkeyk tayyorlash uchun tavsiyalar

  1. Klassik chizkeyk pishirish uchun qaymoqli pishloq ishlatiladi, masalan «Filadelfiya»: aynan uning yordamida pishiriq kremli konsistentsiyaga ega bo’ladi. Asos sifatida pishloq o’ringa ezilgan tvorogdan foydalanish ham mumkin. Bu holda pishiriq odatdagidan ko’ra zichroq bo’ladi.
  2. Barcha masalliqlar xona haroratida bo’lishi kerak. Haroratdagi farq tufayli aralashmada donachalar paydo bo’lishi mumkin.
  3. Ingredientlarni qo’lda yoki past tezlikdagi mikser bilan aralashtirish kerak. Agar nachinkada havo juda ko’p bo’lib ketsa, pishish paytida u yorilishi ham mumkin.
  4. Pishirish uchun shaklning teriladiganini olish yaxshi. Undan tayyor chizkeykni olish ancha osonroq bo’ladi.
  5. Desertni suvli hammomda pishirish eng to’g’ri tanlov bo’ladi. Bug’da u yanada yumshoq, mayin va havodor bo’lib chiqadi. Suv shakli ichiga kirishiga yo’l qo’ymaslik uchun shaklning osti va qirralari folga bilan bilan mahkam qilib o’raladi. So’ngra, qolipni balandroq protivenga qo’yib, unga ozroq suv quyiladi (quyidagi tasvirga qarang).
    Suv hammomida
  6. Desertni past haroratda pishirish kerak, 160 °C (maksimal 180 °C) me’yoriy hisoblanadi. Bunday haroratda chizkeyk yorilmaydi.
  7. Pishiriqda yoriqlar hosil bo’lishiga haroratning keskin tushib ketishi ham sabab bo’ladi. Pech o’chirilgach, uning eshigini ochib qo’ying va pishiriqni 30 daqiqagacha chiqarmay turing. Shunday keyin yana shuncha vaqt xona haroratida sovutishga qoldiring.
  8. Tayyor chizkeyk sovigan bo’lishi kerak. U sovutgichda kamida 4 soat turishi kerak, eng maqbul tanlov — tun bo’yi saqlansa. Bu holda nachinka kesish vaqtida uvalanib ketmaydi.
  9. Pishiriqni tekis qilib kesish uchun pichoqni namlab olish kifoya.

Chizkeyk tayyorlash retsepti

«Nyu-York» nomli klassik chizkeyk

Kerakli masalliqlar

  • Qumoq (pesochnoe) pechenye — 150 gramm;
  • Sariyog’ — 75 g’;
  • «Filadelfiya» pishlog’i — 900 g;
  • Shakar upasi — 200 g;
  • Smetana (20% yog’li) — 200 g;
  • Un — 3 osh qoshiq;
  • Tuxum — 3 ta;
  • Tuxum sarig’i — 1 ta;
  • Bir o’ram vanillin.

Tayyorlash

Pechenyeni blenderda maydalab, erigan sariyog’ qo’shing va yaxshilab aralashtiring. Aralashmani 23 sm diametrli pishirish uchun shaklga bir tekis qilib yoying va yaxshilab zichlang. 10 daqiqa davomida oldindan 180 °C gacha qizdirib olingan pechda pishirib oling. Keyin chiqarib oling va asosni sovutishga qoldiring.

Ayni paytda pishloq va shakar upasini aralashtiring. So’ng smetana va un qo’shib, aralashtirishda davom eting. Keyingi o’rinlarda ketma-ket ravishda bitta tuxum, tuxum sarig’i va vanilin qo’shing. Har bir masalliq qo’shilganda aralashmani bir xil massa hosil bo’lguncha aralashtirish lozim.

Nachinkasi asos ustiga tekis qilib taqsimlang va 160 °C haroratda 45 daqiqa davomida pishiring.

Shokoladli chizkeyk

Kerakli masalliqlar

Asos uchun:

  • Qumoq pechenye — 125 g;
  • Sariyog’ — 60 g;
  • Kakao kukuni — 1 osh qoshiq.

Nachinka uchun:

  • Qora shokolad — 175 g;
  • Qaymoqli (slivochniy) pishloq — 500 g;
  • Shakar upasi — 150 g;
  • 1 osh qoshiq jo’xori kraxmali yoki qaynatma krem tayyorlash uchun aralashma;
  • Tuxum — 3 ta;
  • Tuxum sarig’i — 3 ta;
  • Smetana (20% yog’li) — 150 g;
  • ½ choy qoshiq kakao;
  • 1 osh qoshiq issiq suv.

Glazur uchun:

  • 75 g qora shokolad;
  • 125 ml yog’li qaymoq;
  • 1 choy qoshiq suyuq asal.

Pishirish

Pechenyeni blenderga solib, maydalab oling. So’ng unga erigan sariyog’ va kakao qo’shing va yana bir bor blenderda maydalab oling. Diametri 23 sm bo’lgan idishga bir tekis qilib yoying, yaxshilab zichlang va muzlatgichga qo’ying.

Shokoladni suv hammomida yoki mikroto’lqinli pechda eritib, biroz sovuting. Pishloq, shakar va kraxmalni aralashtiring. So’ng unga tuxum va tuxum sarig’ini qo’shib, aralashtiring, smetana qo’shing va yakuniy ravishda yaxshilab aralashtiring.

Kakaoni issiq suvda eritib, eritilgan shokolad bilan birgalikda nachinkaga qo’shing. Bir xil massa hosil bo’lgunga qadar aralashtiring.

Sovutilgan asos ustiga nachinkani bir xil qilib yoying va 50 daqiqa davomida 180 °C gacha qizdirilgan pechda pishiring. Pishgach, biroz xona haroratida sovuting, so’ng sovutgichga qo’ying.

Shokolad, qaymoq ​​va asalni eritib, ozgina sovuting, so’ng pishiriq ustidan quying.

Pechda pishirilmaydigan limon-tvorogli chizkeyk

Kerakli masalliqlar

  • Qumoq pechenye — 80 g;
  • Sariyog’ — 50 g;
  • Qaymoqli pishloq — 200 g;
  • Tvorog — 500 g;
  • Shakar upasi — 200 g;
  • Limon — 3 ta;
  • 4 ta jelatin plastinkasi.

Tayyorlanishi

Pechenyeni maydalab, eritilgan sariyog’ bilan aralashtiring. 20 sm diametrli qolipning pastki qismiga zich qatlam qilib yoying va yarim soat davomida sovuting.

Pishloq, tvorog, shakar upasi va ikkita limonning qirg’ichdan chiqarilgan po’stlog’ini aralashtiring. Ko’rsatmasi bo’yicha sovuq suvda jelatinni namlab oling, keyin past haroratda isiting va uchta limonning sharbati qo’shing, aralashtirishda davom eting. Jelatinni tvorogli qorishmaga qo’shing va yaxshilab aralashtiring.

Nachinkani asosga bir tekis qilib yoyib, 6-8 soat sovutgichda qoldiring.

Bananli chizkeyk

Tarkibi

  • Qumoq pechenye — 120 g;
  • Sariyog’ — 60 g;
  • Shakar upasi — 200 g;
  • Dolchin — 1 choy qoshiq;
  • Qaymoqli pishloq — 450 g;
  • Limon sharbati — 2 choy qoshiq;
  • Tuxum — 4 ta;
  • Smetana (20% yog’li) — 230 g;
  • Banan — 3 ta.

Pishirish bosqichlari

Ezilgan pechenye, eritilgan sariyog’, 50 g shakar upasi va dolchin aralashtiriladi. 23 sm diametrli pishirish uchun shakl tubiga bir tekis qilib yoyiladi va 180 °C da 10 daqiqa davomida pishiriladi.

Pishloq, qolgan shakar upasi va limon sharbati aralashtiriladi. Aralashtirishni davom ettirgan holda birma-bir tuxum chaqib solinadi. So’ng smetana va ezilgan bananlar qo’shiladi. Sovutilgan asosga bir tekis qilib yoyiladi va bir soat davomida 160 °C haroratda pishiriladi.

Chizkeyk «Tiramisu»

Kerakli masalliqlar

Asosi uchun:

  • Qumoq pechenye — 150 gramm;
  • Shakar upasi — 50 g;
  • Kakao — 1 osh qoshiq;
  • Sariyog’ — 70 g.

Nachinka uchun:

  • Qaymoqli pishloq — 900 g;
  • Shakar upasi — 300 g;
  • Jo’xori kraxmali — 4 osh qoshiq;
  • Tuxum — 4 ta;
  • Rom — 80 ml;
  • Espresso — 80 ml;
  • Vanillin — bir chimdim;
  • «Savoyardi» pechenyesi — 10-12 dona.

Bezatish uchun:

  • 30 g kakao;
  • Ko’pirtirilgan qaymoq;
  • Bir nechta shokolad bo’laklari.

Pishirish jarayoni

Qumoq pechenye maydalab, shakar upasi, kakao va eritilgan sariyog’ bilan aralashtiriladi. Aralashma 20 yoki 23 sm diametrli pishirish uchun shaklning tubiga bir tekis qilib yoyiladi.

Pishloq va shakar aralashtiriladi, so’ng unga kraxmal qo’shiladi va yana bir bor aralashtiriladi. Keyingi o’rinlarda tuxum, rom, qahva va vanilin qo’shiladi, yaxshilab aralashtiriladi. Pishloqli qorishmaning yarmini asos ustiga qo’yiladi, ustidan savoyardi pechnyesini teriladi va eng so’nggida uning usti qolgan nachinka bilan yopiladi. Pechda 1,5 soat davomida 160 °C haroratda pishiriladi.

Tayyor bo’lgan va sovutilgan chizkeyk ustidan kakao sepiladi, ko’pirtirilgan qaymoq va shokolad bo’laklari bilan bezatiladi.

9
Loading...

Qoldirilgan fikrlar

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.