Yarating, o'rganing, bilib oling

Tibbiy niqob (maska) tikish usullari — himoya uchun TOP-4 andoza + foto

Tibbiy niqob (maska) tikish usullari — himoya uchun TOP-4 andoza + foto

Shamollash va infektsiyalar mavsumida tibbiy niqob kasallikdan himoya qilishda qo’shimcha yordam berishi mumkin. Ammo agar ular yetishmayotgan bo’lsa va dorixonalardan topilmasa, tibbiy niqobni uy sharoitida o’z qo’llaringiz bilan tayyorlashingiz mumkin. Albatta, bunday niqob fabrika mahsulotiga tenglasha olmaydi, ammo ma’lum bir himoyani ta’minlaydi. Bundan tashqari, matodan tayyorlangan niqobini yuvish va qayta ishlatish mumkin.

Dastavval virusli infektsiyalar tarqalishini oldini olishda niqoblarni taqish va umuman o’zini tutish bo’yicha shifokorlarning asosiy tavsiyalari bilan tanishish kerak:

  1. Avvalo, niqobni kasallangan bemorlar taqishi tavsiya etiladi, shunda yo’talish yoki aksirish paytida infektsiya tarqalishini minimallashtirish mumkin.
  2. Agar siz sog’lom bo’lib, o’zingizni infektsiyadan himoya qilmoqchi bo’lsangiz ham niqob yordam berishi mumkin. Masalan, agar bemor yoningizda aksa ursa yoki yo’talsa, niqob infektsiyani og’iz va burun shilliq qavatiga tushishini cheklaydi.
  3. Fabrika chiqargan tibbiy niqobni 2 soatdan, mato yoki dokadan tayyorlangan niqobni 3 soatdan ko’p bo’lmagan vaqt davomida taqish tavsiya etiladi. Matodan tayyorlangan niqobni yuvish va qayta ishlatish mumkin.
  4. Umuman olganda, infektsiyadan himoyalanish uchun qo’lni muntazam ravishda yuvib turish kerak (kamida 20 soniya davomida sovun bilan yuving, hamma joylariga suv tegishini ta’minlang, so’ng quruq qilib arting).
  5. Iflos qo’llar bilan ko’zlar, og’iz va burunga (va umuman yuzga) tegmaslik va kasallangan kishilar bilan aloqa qilmaslikka harakat qilish zarur.

Aytgancha, uyda tikilgan yuz uchun niqob mavsumiy allergiya paytida ham yordam berishi mumkin. Gullaydigan o’simliklarga allergiyasi bo’lganlar uchun shifokorlar tashqariga chiqqanda bunday niqob taqishni maslahat berishadi. Ular nafas olish paytida allergenning organizmga kirib borishini cheklashi mumkin.

Shunday qilib, tibbiy niqob tikishning to’rt usuli haqida.

1-usul: Burmali niqob tayyorlash

Mustaqil tikish mumkin bo’lgan niqoblarning eng oson variantlardan biri. Undagi burmalar hisobiga niqob yuzga qulay tarzda o’rnashadi. Ushbu usulda keltiriladigan o’lchovlar o’rtacha kattalar uchun hisoblangan, agar lozim bo’lsa, uni o’zingizga moslashtirib olishingiz mumkin.

Kerakli materiallar:

  • Mato (agar kerak bo’lsa — 2 xil, niqob va bezak uchun);
  • Elastik tasma (rezina);
  • Matoga chizish uchun bo’r yoki qalam;
  • Chizg’ich;
  • Qaychi;
  • Qadash uchun ignalar;
  • Dazmol;
  • Tikuv mashinasi va ip.

1-qadam

Kerakli qismlarni kesib oling: bitta asosiy qism 20 x 36 sm, 2 ta kesma 4,5 x 10 sm, shuningdek har biri 16-17 sm uzunlikdagi 2 ta elastik bog’lam.

2-qadam

Suratda ko’rsatilganidek, asosiy qismini teng yarimidan ichkariga qaratib qatlang. So’ng 20 sm bo’lgan tomonida birlashtirib, 0,7 sm qismini ichkariga kiritgan holda tiking. Niqobni teskari qiling, chetlarini tekislang va dazmollab oling.

3-qadam

Endi burmalar hosil qilish kerak. Niqobni tikilmagan tomonlari yonga, tikuv tushgan tomoni esa pastga qaraydigan qilib ushlang. Pastki tomonidan 3,8 sm yuqoriga tomon o’lchab, belgi qo’ying va gorizontal chiziq chizib oling. Ushbu chiziqdan 2,5 sm yuqoriga o’lchab, ikkinchi chiziqni torting.

Fotosuratda ko’rsatilganidek, burmalar hosil qilib qatlang. Chizilgan chiziqlar bir-biriga mos tushishi kerak, bunda burmaning chuqurligi taxminan 1,7 sm ni tashkil qiladi. Niqobning chetlarini ignalar bilan vaqtincha mahkamlab turing.

Ikkinchi burmani hosil qilish uchun yuqori chiziqdan 1,7 sm pastga o’lchab, chiziq torting. Keyin bu chiziqdan 2,5 sm pastga tushib, ikkinchi chiziq chizing. Ushbu chiziqlar bir-biriga mos keladigan qilib ikkinchi burmani qatlang. Huddi shu tarzda uchinchi burmani shakllantiring.

Burmalarni mahkamlash uchun niqob yonlarini tikib chiqing.

4-qadam

Fotosuratda ko’rsatilgandek, elastik tasmasini niqobning chetlariga biriktiring. Qisqa chok bilan ularni asosiy qismga mahkamlang.

Bezak uchun kesmalarni uzunasiga o’rtasidan ikkiga qatlab, dazmollab oling. So’ng uni niqobning yon tomonlaridan eniga yarimi chiqib turadigan qilib joylashtiring. Ikkita uchini biroz chiqarib, orqa tomoniga qatlab qo’ying (uzunlik qilsa, uzun qismini kesib tashlash mumkin).

Bezakni mahkamlash uchun uni suratdagi kabi qilib tikib chiqing. Ikkinchi tomonini ham huddi shu tarzda mahkamlang.

Niqob tayyor.

 

2-usul: Ko’p qavatli tibbiy niqob tikish

Bunday niqobni ingichka paxta mato yoki dokadan tayyorlagan afzal. Mato 6 qavat qilib qatlanadi, shu bois nafas olishiga xalaqit bermasligi uchun u juda zich bo’lmasligi kerak. Boshlashdan oldin mato yuvilishi, quritilishi va dazmollanishi zarur.

Kerakli materiallar:

  • Yupqa paxta mato yoki doka;
  • Yupqa elastik tasma;
  • Qaychi;
  • Chizg’ich yoki santimetrli lenta;
  • Mato uchun qalam yoki bo’r;
  • Qadash uchun ignalar;
  • Elastik tasmani kiritish uchun to’g’nog’ich yoki boshqa moslama;
  • Tikuv mashinasi va ip.

1-qadam

Matodan niqob uchun asosiy qismni kesib oling. Kattalarga o’rtacha o’lchamdagi niqob uchun — 30 x 60 sm, bolalar uchun niqobga esa — 20 x 40 sm (agar zarur bo’lsa, o’lchamni o’zingizga moslab oling).

Fotosuratda ko’rsatilgandek, asosiy qismni uzunasiga qatlab oling. Uning uchlari bir-birining ustiga 1,5−2 sm chiqib turishi joiz. So’ng eniga bo’ylab ikki marta qatlang, bir tarafidan 2,5 sm qoldiring.

2-qadam

Ochiq qolgan o’ng tomonini ikki marta buking va ignalar bilan mahkamlab turing.

So’ng chetlarini suratdagi kabi qilib tikib chiqing. Bunda elastik tasma o’tkazish uchun cho’ntak hosil bo’lishi kerak. Niqobni taqib ko’ring va elastik tasmalarning kerakli uzunligini aniqlang. So’ng tasmani cho’ntak orqali o’tkazib, bog’lab qo’ying va bog’langan joyini niqob cho’ntagi ichida qoldiring. Niqob tayyor!

3-usul: Yuz andozasiga mos niqob

Bunday niqob yuz shakliga moslab kesiladi va old qismida chok mavjud bo’lib, uning tufayli yuzga yaxshiroq moslashadi. Niqob ikki qavatli, uni paxtali matodan yoki paxtali flanelidan tikish mumkin.

Tibbiy niqob tayyorlash

Kerakli materiallar:

  • Niqob uchun mato;
  • Kerakli shablonni chop etish uchun printer, qaychi va qog’oz;
  • Mato uchun qalam yoki bo’r;
  • Qadash uchun ignalar;
  • Elastik tasmani kiritish uchun to’g’nog’ich yoki boshqa moslama;
  • Ingichka elastik tasma;
  • Tikuv mashinasi va ip.

1-qadam

Dastavval andozani chop etib, kesib oling. Andoza — ushbu havola bo’yicha. E’tibor bering: pdf-faylda nazorat belgisi dyuymlarda ko’rsatilgan (1 dyuym = ~2,5 sm), demak chiziqning uzuligi taxminan 5 sm bo’lishi kerak.

2-qadam

Matodan andozaga ko’ra 4 ta qism kesib oling. Bunda andoza chegarasidan 0,6-0,7 sm chiqib kesing (bu chok bilan tutashtirish joyi uchun kerak).

3-qadam

Mos qismlarni yuzini yuziga qilib qo’ying va niqobning o’rta qismini tikib chiqing.

4-qadam

Olingan qismlarni yuzning o’rta chizig’ida birlashtirib, ichki tomonidan uzun tomonlari bo’ylab tikib chiqing.

5-qadam

Niqobni ichki tomonini tashqariga qilib teskari qiling, chok tushgan joylarini tekislang va dazmollab oling. So’ng chetidan 0,5 sm qoldirib, uzun tomoni bo’ylab tashqarisidan tikib chiqing.

6-qadam

Niqobning yon tomonlarini ikki marta buklab, chok yotqizing va shu tarzda elastik tasma o’tkazish uchun cho’ntak hosil qiling.

7-qadam

Elastik tasmalarning kerakli uzunligini aniqlang, so’ng kesib olib, cho’ntak orqali o’tkazing, uchlarini tugib qo’ying.

4-usul: Qo’shimcha filtrli tibbiy niqob

Ushbu niqob ichiga qo’shimcha filtr o’rnatiladigan cho’ntakka ega. Ushbu filtrlovchi kiritma to’qilmagan salfetka yoki sochiqlardan tayyorlanishi mumkin. Bunday kiritmalardan oldindan bir nechta tayyorlab qo’yib, ularni almashtirish mumkin. Niqobning yuqori qismida yuzni qoplab turishini yaxshilash uchun metall sim kiritish uchun cho’ntak qoldiriladi. Bu uning himoya qobiliyatini yanada oshiradi.

Kerakli materiallar:

  • Niqob uchun mato (optimal tanlov — zich va yupqa paxtali mato) — taxminan 40 x 40 sm;
  • Eni 0,5 sm bo’lgan elastik tasma — taxminan 50 sm;
  • Filtrlovchi kiritma uchun material;
  • Uzunligi taxminan 20 sm bo’lgan metall sim;
  • 2 ta kichik to’g’nog’ich;
  • Niqob andozasini chop etish uchun printer va qog’oz;
  • Qaychi;
  • Qadash uchun ignalar;
  • Matoga chizish uchun bo’r yoki qalam;
  • O’lchov tasmasi yoki chizg’ich;
  • Tikuv mashinasi va iplar;
  • Dazmol.

1-qadam

PDF fayldagi niqob andozasini chop etib oling (fayl ushbu manzil bo’yicha). Dastlab nazorat kvadrat sahifasini chop eting (kvadrat 10 x 10 sm bo’lishi lozim; agar bunday bo’lmasa, chop etish sozlamalarini o’zgartiring va yana tekshirib ko’ring). Sozlamalar joyida bo’lsa, andoza berilgan sahifalarni chop eting.

Andoza 4 ta niqob o’lchamini o’z ichiga oladi:

  1. S — chaqaloqlar / kichik bolalar
  2. M — o’smirlar / kattalar (kichik o’lcham)
  3. L — kattalar (o’rtacha o’lcham)
  4. XL — kattalar (katta o’lcham)

Bitta niqob uchun 2 ta mato kesmasi zarur: asosiy qism va astar uchun. Ishni andozani qog’ozdan kesib olishdan boshlang.

2-qadam

Niqob matosi tikishga kirishishdan oldin yuvilishi, quritilishi va dazmollanishi kerak. Olingan matoni yuzasini ichkariga qaratib ikki qavat qilib yoying. Andozani matoga qo’yib, chetlarini qalam yoki bo’r bilan chizib chiqing.

Ushbu andozada chok uchun 1 sm qoldirish hisobga olingan, shu sababli andozaning aniq cheti bo’ylab chizish kifoya. Matodan 2 ta asosiy qism va 2 ta astar qismini kesib oling.

3-qadam

Andozalarni olib, yarim taraf uchun mo’ljallangan mato qismlarini yuza tomoni ichkariga qaragan holda ustma-ust qo’ying. Barcha qismlarni chetidan 1 sm qoldirib, o’rta chok tushiring, chok joylarini tekislash uchun dazmollang.

4-qadam

Niqobning barcha qismlarini chetidan 2mm qoldirib tikib chiqing. Chok joylari tekislanadi.

5-qadam

Niqob qismlarining kalta tomonlariga overlok yoki zigzag usulidagi chok bilan ishlov bering. Keyin ularni 1 sm ichkariga qatlab, dazmollang. Qatlangan qismini mahkamlash uchun tikib chiqing.

6-qadam

Asosiy va klapan qismlarini yuzasini ichkariga qarata qilib taxlang. O’rta choklarni birlashtiring va qismlarini ignalar bilan qadab oling. So’ng ularni chetidan 1 sm qoldirib, yuqori va pastki chetlari bo’ylab tikib chiqing, niqobni ichini tashqariga qiling va choklarni dazmollang.

7-qadam

Niqobning yon tomonlariga zigzag chok tushiring. Keyin ularni ichki tomonga 1,5 sm qatlang (andozada berilgan chiziq bo’ylab) va ularni dazmollang. Hosil bo’lgan qatlam chetidan 1sm qoldirib, tikib chiqing, bunda hosil bo’lgan cho’ntak niqobning elastik tasmasini o’tkazish uchun joy sifatida xizmat qiladi.

8-qadam

Elastik tasmani ikkita teng qismga bo’ling. To’g’nog’ich yordamida ularni niqob yonidagi cho’ntaklar orqali o’tkazib, niqobni taqib ko’ring. Tasma uzunligi mos kelsa, tasmani chok yoki tuguncha yordamida birlashtiring.

9-qadam

Rasmda ko’rsatilgandek, simdan 16 sm uzunlikdagi bo’lak kesib olib, uchlarini mahkamlang. Niqobning yuqori qismidagi cho’ntak orqali simni o’tkazing. Niqobni taqqanda simni yuz shaklida qilib qatlab oling, shunda u yuzni yaxshiroq himoyalaydi. Yuvishdan oldin simni olib qo’yish mumkin. Niqobning asosiy cho’ntagiga filtrni joylashtiring.

Niqob tayyor. Undan foydalanish va kasallikdan himoyalanishning boshqa usullariga amal qilgan holda yanada yuqoriroq xavfsizlikka erishish mumkin.

1
Loading...
Loading...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.

MAKEPEDIA.UZ Telegram kanaliga qo'shiling va eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling!
A'zo bo'lish