Yarating, o'rganing, bilib oling

Chuchvara tayyorlash retsepti — bosqichlari, tavsiyalar, + FOTO / VIDEO

Chuchvara tayyorlash retsepti — bosqichlari, tavsiyalar, + FOTO / VIDEO

Qo’lda bukilgan va uyda tayyorlangan, xamirga mazali qiyma solingan chuchvaralar. Bu taomni buvilarimiz va onalarimiz uzoq vaqtlardan buyon tayyorlashdi. Yurtimizda chuchva barcha viloyatlarda tayyorlanadi, uni ba’zi hududlarda barak deb ham nomlashadi. Ushbu taomni tayyorlash jarayoni juda oson. Demak boshladik!

Chuchvara tayyorlash retsepti

Tayyorlash vaqti: 1,5 soat | Portsiyalar soni: 10 kishiga

Kerakli masalliqlar:

Xamiri uchun:

  • Un — 600 gramm;
  • Suv — 250ml;
  • Tuxum — 1 dona;
  • Tuz — 1 choy qoshiq.

Qiymasi uchun:

  • Mol go’shti qiymasi — 500 gramm;
  • Piyoz — 2 dona;
  • Ta’bga ko’ra tuz, murch, lavr yaprog’i.

Dasturxonga tortiq qilish uchun:

  • Smetana 20% — 2 osh qoshiq;
  • Piyoz — 1 dona;
  • Tomat pastasi — 1 0sh qoshiq;
  • Ko’katlar.

Tayyorlanishi

  1. Unni idishga elab soling va o’rtasida chuqurcha hosil qiling. Chuqurchaga bir osh qoshiq suv, bir chimdim tuz va bitta tuxumni chaqib soling.
  2. Sanchqi yordamida tuxum va suv chuqurchadan chiqib ketmaydigan qilib xamir tayyorlashni boshlang.
    Xamirini tayyorlash
  3. So’ng qolgan suvni oz-ozdan qo’shgan holda xamir qoring. Xamir elastik va bir xil konsistentsiyaga ega bo’lishi kerak. Uni idishga solib, ustini nam sochiq bilan yopib qo’ying.
    Chuchvara xamiri
  4. Qiymaga mayda qilib to’g’ralgan yoki qiymalagichdan chiqarilgan piyoz, ta’bga ko’ra murch yoki ziravorlar qo’shing. Yaxshilab aralashtiring.
    Chuchvara uchun qiyma
  5. Ish stoliga un sepib olib, xamirni ikkiga bo’ling. Har bir zuvalani 2 mm qalinlikda qilib yoyib oling.
    Xamirni yoyish
  6. Yoyilgan xamirni 4 x 4 sm o’lchamdagi kvadratlarga kesib oling. So’ng quyida ko’rsatilgani kabi qilib bukib chiqing.
  7. Tugish davomida chuchvaralarni un sepilgan padnosga terib chiqing. Keyinroq pishirish zarurati bo’lsa ularni muzlatkichda saqlang.
  8. Chuchvarani pishirish uchun qozonga suv solib, qaynatishga qo’ying. Suv qaynab chiqqach, bitta lavr yaprog’i, bir bo’lak sariyog’ soling. So’ng suvga chuchvarani tushirib, bir-biriga yopishib qolmasligi aralashtirib turing. Chuchvara suv yuzasiga suzib chiqqach ular tayyor bo’lgan bo’ladi. Ehtiyotkorlik bilan suzib olib, yoyiq idishga soling.

Dasturxonga tortiq qilish

Chuchvarani dasturxonga smetana yoki suzma va ko’katlar bilan tortiq qilish mumkin. Tortiq qilishning yana bir usuli — ustiga qovurilgan piyoz qo’ygan holda.

Buning uchun yarimhalqa qilib to’g’ralgan piyoz yog’ va tomat pastasi qo’shgan holda yumshaguncha qovurib olinadi. Tayyor bo’lgach, chuchvara ustidan qo’yiladi va ko’katlar bilan bezatiladi. Taom tayyor, yoqimli ishtaha!

Taom tayyor

10
Loading...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.