Qatlama tayyorlash retsepti — bosqichma-bosqich ko’rsatma + foto
O’zbek milliy xamirli pishiriqlarining turli xillari mavjud va ularning barchasi o’ziga xos ravishda juda mazalidir. Ana shunday pishiriqlardan biri qatlama bo’lib, u qavatli xamirni yog’da qovurish usulida tayyorlanadi. Uning retsepti quyida batafsil.
Qatlama tayyorlash retsepti
Kerakli masalliqlar:
- Un — 700 g;
- Suv — 350 ml;
- Tuz — 1,5 choy qoshiq;
- Eritilgan yog’ — 100 g;
- Qovurish uchun o’simlik yog’i.
Tayyorlanishi
1-Qadam
Dastlabki ish xamir tayyorlashdan boshlanadi. 700 g un, 350 ml suv va 1,5 choy qoshiq tuz bilan xamir qoriladi.
2-Qadam
Xamirdan zuvala yasaladi va uning usti idish bilan yopib qo’yiladi, yarim soat davomida dam beriladi. So’ng xamir 2 mm qalinlikdagi to’rtburchak plast qilib yoyiladi.
3-qadam
Yoyilgan xamirga ustidan 100 gramm eritilgan yog’ quyib, teng ravishda taqsimlab surtiladi. Eritilgan yog’ o’rniga ta’bga ko’ra margarin, sariyog’ yoki hayvon yog’ini ishlatish mumkin, lekin eritilgan yog’ bilan qatlama yaxshiroq ta’mga ega bo’ladi.
4-qadam
Eritilgan yog’ tayyorlashni eslatib o’tish joiz. Suv hammomiga sariyog’ solingan idish qo’yiladi, so’ng bir soatcha past olovda qizdiriladi. Bu vaqtga kelib idish tubiga oq cho’kindi cho’kishi, yuzasida esa ko’pik hosil bo’lishi kerak. Ko’pik olib tashlanadi, yog’ esa cho’mich bilan cho’kindisini aralashtirib yubormagan holda suzib olinadi.
5-qadam
Yog’lab olingan xamir rulet qilib o’raladi va oltita teng qismga bo’lib olinadi.
Har bir qism stolga qo’yib, kaft bilan yapaloq qilib olinadi. So’ng taxtaga terib, ustidan oziq-ovqat plyonkasi bilan yopiladi va 30-40 daqiqa muzlatgichga yoki 2-3 soat sovutgichga yuboriladi.
6-qadam
40 daqiqa o’tgach, xamir muzlatgichdan chiqarib olinadi. Agar ular idishga muzlab yopishib qolgan bo’lsa, ehtiyotkorlik bilan ajratiladi.
7-qadam
Stol va o’qlovga biroz un sepiladi, xamir qalinligi 2 mm, diametri esa taxminan 20-22 sm qilib doira shaklda yoyib olinadi.
8-qadam
Tubi chuqurroq bo’lgan tovaga biroz o’simlik yog’i quyiladi, yaxshilab qizigach, yoyilgan qatlamani yog’ga tushirib, tova qopqog’i yopiladi va o’rtacha olovda har tomoni 3-5 daqiqa davomida qovurib olinadi. Pishgach, idishga olib, qolganlarini pishirib olguncha usti yopiq qilib saqlanib turadi.
9-qadam
Qatlama juda mazali non hisoblanadi. Dasturxonga an’anaviy ravishda uning ustidan shakar sepib yoki qaymoq, murabbo va choy bilan, achchiq sous, qaynatilgan tuxum va sabzavotli garnir bilan tortiq qilish mumkin. Yoqimli ishtaha!
Raxmat yozgan retseplaringiz juda foydali szlardan yana yangicha retseplar kutib qolamz