Yarating, o'rganing, bilib oling

Rogalik tayyorlash — retsepti, usullari, xamiri va nachinkasi turlari, tavsiyalar

Rogalik tayyorlash — retsepti, usullari, xamiri va nachinkasi turlari, tavsiyalar

Mazali rogaliklar tayyorlash usullari ko’p va bu pishiriq barchaga hush keladi. Quyidagi retsept qumoq xamirdan tayyorlanadigan turi hisoblanadi va uni nachinka bilan yoki nachinkasiz tayyorlash mumkin. Nachinka sifatida yong’oq, murabbolar, shakar aralashtirilgan tvorog, mak kabi masalliqlardan foydalansa bo’ladi.

Rogalik tayyorlash retsepti

Tayyorlash vaqti: 1,5 soat | Portsiyalar soni: 6 (24 dona)

Kerakli masalliqlar:

  • Un — 3 stakan (400 g);
  • Smetana — 1 stakan (200 g);
  • Margarin — 250 g;
  • Iste’mol sodasi — yarim choy qoshiq;
  • Shakar upasi.

Tayyorlanishi:

  1. Margarin un bilan birga aralashtirib, uvalanadi.
  2. Smetanaga soda solib, aralashtirib yuboriladi, so’ng xamir va margarin aralashmasiga quyiladi. Aralashmadan xamir qoriladi va u 4 ta zuvalaga ajratib olinadi. 15 daqiqaga sovutgicha qo’yiladi.
  3. Rogalik xamiri sovugach, qalinligi 0,5 sm bo’lgan aylana qilib yoyiladi. Uning diametri taxminan 25-28 sm bo’ladi.
  4. Xamirni kesishHar bir xamir doirasi 8 bo’lakka bo’linadi. Hosil bo’lgan bo’lakchalarga bir tekis qilib murabbo surtiladi yoki uning eng keng qismiga yong’oqli yoki boshqa qattiq nachinka teriladi.
  5. rogalikni o'rashEndi xamirning keng tomonidan ingichka tomoniga qarata rogalik o’raladi, u biroz taqa shaklida qilib bukiladi.
  6. Protivenga pishirish qog’ozi yoziladi (agar bo’lmasa, margarin bilan yog’lash ham mumkin), ustidan rogaliklar teriladi. Oldindan 190-210 °C gacha qizdirilgan pechda taxminan 30 daqiqa pishiriladi.
  7. Tayyor bo’lgan rogaliklar sovutiladi, so’ng ustidan shakar upasi sepiladi. Pishiriq tayyor, yoqimli ishtaha!

Tavsiyalar

  • Rogalikning nachinkasi qurib qolmasligi uchun uning ikki chetini qatlab qo’ying, u ochiq qolmasligi krak. Shuningdek u yopilmasa, suyuqroq murabbo oqib chiqib ketishi ham mumkin.
  • Xamir yumshoq, shu bilan birga qo’lga yopishmaydigan konsistentsiyada bo’lmog’i lozim.
  • Imkon bo’lganda, margarin o’rniga sariyog’ ishlatish ham mumkin, bu pishiriqning ta’mini yanada mazali qiladi.
  • Agar nachinka o’rnida qo’llamoqchi bo’lgan murabbo juda suyuq bo’lsa, unga biroz un qo’shib, aralashtirib yuboring.
17
Loading...
Loading...

Qoldirilgan fikrlar

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.