Yarating, o'rganing, bilib oling

Yupqali shaurma yoxud lavash tayyorlash retsepti

Yupqali shaurma yoxud lavash tayyorlash retsepti

Yupqadagi shaurma yoxud lavashni ko’pchilik ko’chadan xarid qilishga odatlangan, e’tiborli jihati qaysi tamaddixonadan ekanligi muhim emas. Biroq, uni uy sharoitida tayyorlash ancha xavfsizroq. Lavash tayyorlash retsepti va sirlari bilan quyida bo’lishamiz.

Shaurma

Sharqona oshxonaga tegishli bo’lgan ushbu taomni barcha yaxshi biladi. Bugungi kunda deyarli har bir kishi tamaddixonalardan lavash sotib olgan bo’lsa kerak. Shaurmaning bir nechta turlari mavjud, asosiylari ikkita — pita va lavashda. Kimdir birinchi variantini xush ko’radi, yana kimdir esa faqatgina ikkinchi turdagisiga afzallik beradi.

Haqiqiy shaurma an’anaviy turk taomi deb hisoblanadi va u pitaga solingan qizartirib pishirilgan qo’y go’shti va salatlar aralashmasidan iborat. Ammo sharqiy mamlakatlar tashqarisida qo’y go’shti ko’p ham ishlatilmaydi, shuning uchun uy sharoitida tayyorlanadigan lavash uchun boshqa turdagi go’shtlar — tovuq, kurka, mol go’shtidan foydalanish mumkin. Barchasi ta’bingizga bog’liq.

Albatta, sharq mamlakatlarida go’shtni faqat an’analarga muvofiq tanlashadi va biz bu taomni iste’mol qilishga o’rgangan turidan ko’ra biroz boshqacha pishirishadu, lekin umuman olganda, texnologiyalar deyarli bir xil.

Uyda lavash tayyorlash uchun biz bergan maslahat va retsept sizga yordam beradi deb umid qilamiz.

Shaurma nachinkasi uchun

Asosiy masalliq — go’shtga qo’shimcha ravishda shaurmaga pomidor, piyoz, tuzlangan bodring, karam, salat barglari, qo’ziqorin ham qo’shiladi. Shunga qaramay, barchasi shaxsiy xohishga bog’liq. Shaurmani xush ko’ruvchularning ba’zilari go’sht va sousdan tashqari boshqa nachinkani tan olmaydilar. Ushbu taomda turli xil ziravorlar ishlatilishi muhimdir — u bir chimdim sharqona urg’u qo’shib, ta’mni yanada sezilarli bo’lishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, nachinkaga qo’shiladigan sous sifatida quyidagilarni ishlatish mumkin:

  • Smetana;
  • Pishloq (qattiq yoki qaymoqli);
  • Mayonez;
  • Sarimsoq yoki smetanali sous;
  • Ketchup;
  • Xantal.

Nachinkaga ko’proq ko’katlar — ta’bga ko’ra kashnich, shivit, rayhon, ko’k piyoz qo’shish tavsiya etiladi. Agar uy sharoitida shaurma tayyorlashni istasangiz, bu holda nachinkaning tarkibi qay darajada murakkab bo’lishi, masalliqlar soni va turi faqat sizga bog’liq bo’ladi.

Nachinka uchun sous tayyorlash

Eng mazali bo’lib sarimsoq va achchiq sousli lavash hisoblanadi. Ularni tayyorlash juda oson:

  • Sarimsoqli sous uchun sarimsoq, ko’k piyoz, tuzlangan bodring bilan smetanani aralashtirish kerak.
  • Achchiq sous uchun tomat pastasi zaytun moyi, limon sharbati va adjika bilan aralashtiriladi.

Sous uchun kerakli masalliqlarning barchasi blenderda bir xil massa hosil bo’lguncha maydalanadi va tayyor nachinkaga xohishga qarab solinadi. Agar yanada an’anaviy taom tayyorlashni istasangiz, unda nachinkaga har ikki sousdan ham soling. Yoki o’zingiz xush ko’radigan sous turidan qo’shing.

Lavash tayyorlash retsepti

Sharuma nachinkasini qo'yish

Shaurma sotib olinadigan turdagisiga o’xshash bo’lishi va undan go’sht va sabzavot sharbatlari chiqib ketmasligi uchun, uni qanday qilib lavashga o’rash kerakligini o’rganish muhimdir. Dastavval lavash xamirini stol ustiga yoyish va biroz suv sepish kerak.

Lavashni o'rash tartibi

Lavash chetlarida biroz bo’sh joy qoldirgan holda xamirga yaxshilab sous surtiladi. Dastavval sabzavotli, uning ustidan go’shtli nachinka qo’yiladi va ustidan yana yaxshilab sous quyiladi. So’ng lavashning kalta tomoni, so’ng yonlari qatlanadi va yakunida uning uzun tomoni yordamida rulet qilib o’raladi.

Uy sharoitida tayyorlanadigan lavashli shaurma retsepti

Ushbu retseptda shaurma nachinkasiga ta’bga ko’ra bulg’or qalampiri, kartoshka fri, salat barglari, qirg’ichdan chiqarilgan pishloq, sedana qo’shish mumkin.

Kerakli masalliqlar:

  • Yupqa lavash — 1 ta.
  • Tovuq filesi — 1 ta to’sh.
  • Bodring — 1 dona.
  • Pomidor — 1 dona.
  • Qizil piyoz — 1 dona.
  • Kashnich — ta’bga ko’ra.
  • Limon sharbati — 1 osh qoshiq.
  • Suv — 3 osh qoshiq.
  • Zaytun yog’i — 1 osh qoshiq.
  • Karri — 1 choy qoshiq.
  • Tuz, qalampir — ta’bga ko’ra.
  • Sarimsoq va achchiq souslar — ta’bga ko’ra.

Tayyorlanishi:

  1. Limon sharbati, suv, tuz, qalampir va zaytun yog’idan marinad tayyorlanadi.
  2. Tovuq filetosi ingichka plastinka qilib kesib, marinad bilan aralashtiriladi va 15 daqiqa davomida qoldiriladi.
  3. Qizil piyoz ingichka halqa, bodring va pomidor ingichka plastinka qilib kesib olinadi, kashnich maydalanadi.
  4. Tovaga oz miqdorga yog’ solib qizdiriladi va tovuq filesi yaxshilab qovuriladi. Go’sht ichida suvli bo’lib qolishi kerak.
  5. Lavashga sous surtiladi, ustidan piyoz, bodring qo’yiladi, ustidan shaurmaning go’shti kabi mayda qilib kesilgan go’sht teriladi. Nachinka ustidan sous quyiladi, ko’katlar sepiladi.
  6. Lavash zich qilib o’raladi va har ikki tomonidan yog’siz tovada qovuriladi. Tayyor shaurma likopchaga qo’yiladi. Yoqimli ishtaha!

Lavash tayyorlashning ba’zi sirlari

Shaurma uchun foydalanmoqchi bo’lgan pita non yoki lavashga e’tibor bering. Ular yangi bo’lishi kerak. Qurib qolgan lavash bu taomni tayyorlash uchun umuman mos kelmaydi, chunki uni yoriqsiz o’rash deyarli imkonsiz. Eski pitaga ham nachinka solish qiyin, chunki u ushalib keta boshlaydi va ishtahani ochadigan ko’rinishga ega bo’lmaydi.

Shaurma shirin va yumshoq bo’lishi uchun, go’shtni avvaldan marinadlash tavsiya qilinadu. Limon suvi, kefir, zaytun yog’i — eng sodda marinad ham qattiq go’shtni mayin qiladi. Agar siz shaurmani mashxur ta’miga ega bo’lishni istasangiz, go’shtni to’g’ri pishirish talab etiladi. Yaxshisi cho’yan tova ishlatish kerak, gril-tova ham mos keladi.

Qovurishdan avval go’shtning ortiqcha marinadi quruq salfetka bilan shimdirib olinadi. U tillarang tusga kirguncha deyarli yog’siz tovada qovuriladi. Tayyor o’ralgan lavashni ham quruq tovada qizartirib olishni unutmaslik kerak.

7
Loading...

Qoldirilgan fikrlar

  • Juda yaxshi ma’lumotlarga ega bo’ldik,raxmat.
    Lavashxonalar uchun lavash xamirini tayyorlash texnalogiyasi,tarkibi va tartibi haqida ham ma’lumotlar topiladimi sizlarda,agar mavjud bo’lsa shularga ham kengroq to’xtalib o’tsangizlar degandim.

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.