Yarating, o'rganing, bilib oling

Soch o’stirish uchun: vitaminlar, minerallar, niqoblar, maslahatlar va tabiiy vositalar

Soch o’stirish uchun: vitaminlar, minerallar, niqoblar, maslahatlar va tabiiy vositalar

Soch to‘kilishi muammosiga har qanday yoshdagi, har qanday jinsdagi kishilar duch kelishadi. Oxirgi 10 yil ichida soch to‘kilishi muammosiga yoshlar ham ko‘p duch kelishmoqda. bunga sabab ekologiyaning yomonlashishi va iste’mol qilinayotgan mahsulotlarda ko‘plab salbiy ta’sir etuvchi kimyoviy birikmalar mavjudligidir. Xo’sh, soch o’stirish uchun nima qilish kerak?

Inson sochi bir oyda o’rtacha 1,25 sm`ga o’sadi. Biroq organizmning individualligi inobatga olingand,a kimnikidir 3 sm.ga, kimnikidir esa 1 sm.ga o’sishi ham mumkin. Bolalarning sochi bir oyda 13 mm o’sadi. Yosh ulg’aygani sari ularning o’sish jarayoni sekinlashib boradi va bu ko’rsatkich bir oyda 1 sm`ni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, soch o’sishi bevosita yosh bilan bog’liq degan xulosa kelib chiqadi. Bundan tashqari, irq ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, mongoloid irqidagi insonlarning sochi uzunroq, qalin va sog’lomroq bo’lishi isbotlangan.

Soch to‘kilishi sabablari

Soch to‘kilishiga sabab quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Irsiy omil;
  • Organizmning qarishi;
  • To‘yib ovqatlanmaslik va vitamin yetishmasligi;
  • Yoshga bog‘liq va patologik gormonal o‘zgarishlar;
  • Kuchli stress;
  • Ifloslangan havo va suv;
  • Soch follikullarining shikastlanishi;
  • Tor bo‘lgan bosh kiyim kiyish.

Odatda soch to’kilishi bir nechta omillar ta’sirida sodir bo’ladi: masalan ayollarda soch to’kilishi misol qilib olinadigan bo’lsa, ayolning onasi menopauzadan so’ng yoki homiladorlik vaqtida bunday muammolarga duch kelgan bo’lsa, ushbu ayolda ham yuqori ehtimollik bilan muammolar kuzatiladi. Erkaklarda soch to’kilishi ham shu tariqa: avlodida 45 yoshdan so’ng barcha erkaklar tepakal bolgan bo’lsa, ushbu erkakda ham shu kabi muammo kuzatilishi ehtimoli yuqori bo’ladi.

Soch to‘kilishi har qanday insonga salbiy ta’sir ko’rsatadi va ko’pincha shaxsiy hayotdagi omadsizliklarning bilvosita sabablariga aylanadi. Shuning uchun kosmetik va farmasevtik firmalar shampunlar, malhamlar, gellar, balzamlar kabi “mo‘jizaviy” vositalar tez o’stiradi deb aytib, soch o’stirish dorisi orqali katta pul ishlab topishadi. Ularning ko‘pchiligi hammaga ma’lum bo‘lgan tabiiy vositalar va konservantlar aralashmasidan tayyorlangan bo‘ladi.

Soch o’stirish uchun piyoz sharbati

Nima uchun trixolog-shifokorlar ko‘pchilik shifobaxsh sabzavot va mevalar ichidan piyozni ajratishadi? Soch o’stirishning tabiiy usullari orasida yoqimliroq hidga ega bo‘lgan boshqa vositalar mavjud emasmi? Hayron qolishingiz mumkin, ammo ana shu aromat uning soch follikulalari uchun foydali ekanligidan dalolat beradi.

Piyozning bu o‘ziga xos hidi uning tarkibida oltingugurt — sochlar ildizi uchun juda foydali va noyob element ko’pligi sabablidir. Boshqa hech qaysi mahsulot tarkibida piyozda bo’lgani kabi ko‘p oltingugurt mavjud emas.

Oltingugurt sochlarning elastikligi, mustahkamligi va silliqligini ta’minlovchi kollagen sintezi uchun kerak bo‘lgan elementdir. Bu mineral organizmda umuman ishlab chiqarilmaydi, ammo inson to’laqonli va turfa xil ovqatlansa, oltingugurt tanqisligi yuzaga kelmasligi kerak. Uning tanqisligida teri quruqlashadi, tirnoqlar sinuvchan bo‘lib qoladi, sochlar to‘kilishi va gullashi, umumiy holsizlik belgilari kuzatiladi.

Bundan tashqari piyoz o‘zida tabiiy keratin moddasini saqlaydi. Bu piyoz sharbatini mahalliy, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soch ildiziga qo’llash uchun yana bir sabab hisoblanadi. Ko‘pchilik shampunlar o‘zida keratin moddasini saqlaydi, lekin ularning qolgan tarkibiy qismlari foydali yoki hech bo’lmaganda sochlar uchun zararli emasligiga kim kafolat beradi? Piyoz sharbatini qo’llash esa faqat foyda keltiradi.

Piyoz suvi har qanday etiologiyali to‘kilishda yordam beradi: yoshga bog‘liq, gormonal, genetik, toksik. Muntazam va uzoq muddat (kamida 3 oy) piyoz suvidan foydalanishda butunlay kal bo‘lgan kishilarda ham soch o’sib chiqishi kuzatilgan.

Soch o’stirish uchun piyoz asosli niqoblar

Piyozdan foydalanishdan avval, ushbu uslubning quyidagi nyuanslarini inobatga olish kerak:

  1. Muolajalarni hafta yoki bir oyda bir marta o‘tkazish bema’no sanaladi. Bunda siz faqatgina oz muddatli ko‘z yosh va tashvish, keyin esa sochlardan bir necha kun ketmaydigan “yoqimli” hid kelib turishiga erishasiz, xolos. Muolajani har kuni kamida 2 oy davomida bajraish kerak.
  2. Piyoz hidi sochlar namlanganda kuchayadi. Soch quruq bo’lgan vaqti piyoz hidi kelmagan bo’lsa ham, terlash yoki yomg‘ir ostida qolganda uning hidi kela boshlaydi.
  3. Piyozli bo’tqadan ko’ra yaxshilab siqib olingan sharbat hidning kamroq kelishini ta’minlaydi.
  4. Piyozdan tayyorlangan niqobni, uning to’liq retsepti qanday bo’lishidan qat’iy nazar, boshda 30 daqiqadan ko‘p ushlab turish tavsiya etilmaydi — bu bosh terisi yuzasining ta’sirlanishi yoki hatto kuyib qolishini oldini olish uchun kerak.

Endi piyoz va piyoz sharbati asosida tayyorlanadigan niqoblarga kelsak:

  • Soch to’kilishiga qarshi piyoz sharbatili niqob. Birinchi navbatda kichik sochiq olib, uni bug‘da biroz ushlab, namlab oling, so’ng u bilan sochlaringizni o’rang, bu teri teshikchalari kattaroq ochilib, niqobni yaxshiroq o’zlashtirib olishi uchun kerak. Bitta kattaroq yoki bir nechta kichikroq piyozni olib, po’stidan tozalang, so’ng blender yoki go’shtqiymalagichda maydalang, bo’tqani bir necha qavat qilib qatlangan dokadan suzib oling. Boshdan sochiqni olib, sharbatni ehtiyotkorlik bilan soch ildizlariga surting, yengil massaj qiling, sochiq bilan qayta o’rab, 30 daqiqa kutib turing, so’ng yaxshilab yuvib tashlang.
  • Piyoz va qalampir tindirmasidan tayyorlangan niqob. Bajariladigan amallar ketma-ketligi yuqoridagi kabi, faqat piyoz sharbatiga qalampir tindirmasidan bir pipetkani to’ldirib qo’shish kifoya. Qalampir tindirmasini uy sharoitida tayyorlash yoki dorixonalardan sotib olish mumkin. U soch ildizlarini kuchli rag’batlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lganligi sababli butunlay kallikda ham qo’llansa bo’ladi.
  • Kallika va qazg’oqqa qarshi sarimsoq va oddiy piyoz arlashmasidan tayyorlangan niqob. So’ch to’kilishi ko’pincha qazg’oqlanish va seboreya bilan birga kechadi. Agar sochlaringiz yog’li, zaif va qazg’oqlanadigan bo’lsa, shampun bilan tez-tez yuvib turish vaziyatni yanada og’irlashtiradi. Yaxshisi ushbu niqobni qo’llab ko’ring: bir bosh piyozga 2 bo‘lak sarimsoq qo‘shib, uni go’shtqiymalagichdan chiqaring va boshingizga surtib, 30 daqiqaga qoldiring. Bu muolaja faqatgina soch to‘kilishiga emas, balki qazg‘oqlarni yo‘qotishga ham yordam beradi. Sarimsoq va piyoz tarkibidagi tabiiy antibiotik — fitonsidlar sochlarda qazg‘oq hosil qiluvchi zamburug‘larga qarshi samarali vosita hisoblanadi.
  • Piyoz, asal va tuxumdan soch uchun oziqlantiruvchi niqob. Soch to‘kilishi sabablaridan biri vitaminlar yetishmasligidir. Bu muammoni oziqlantiruvchi niqob yordamida hal qilish mumkin. Bir bosh piyozni olib, uni go’shtqiymalagichdan o’tkazing, so’ng unga 3 choy qoshiq suyuq va biroz isitilgan asal va bitta xom tuxum qo‘shing. Hosil bo‘lgan aralashmani boshingizga yengil massaj harakatlari bilan surting va 30 daqiqaga qoldiring, so‘ng bolalar shampuni bilan yuvib tashlang — asalni sochlardan ketkazish oson ish emas. Niqobni haftada 2 martadan ortiq qo’llash tavsiya etilmaydi, qolgan kunlari piyoz sharbati bilan cheklaning.
  • Piyoz, kokos moyi va pivodan quruq sochlar uchun niqob. Agar to‘kilishga ularning sinishi, qurishi, gullashi va qichishi hamrohlik qilayotgan bo‘lsa, haftasiga 2-3 bor ushbu niqobni qo’llash mumkin: ikki bosh piyozni olib, uni go’shqiymalagichdan chiqaring, so’ng 1 osh qoshiq kokos moyi (chakanda yoki kanakunjut moyi ham to’g’ri keladi) va yarim stakan pivo qo‘shib, aralashtiring. Hosil bo‘lgan niqobni sochlar ildiziga surting, yengil massaj qiling, boshni sochiq bilan o’rang. 30 daqiqa o’tgach, niqobni yuvib tashlang.

Piyoz hidini bartaraf etish usullari

Albatta, muolajalardan keyin sochlardan piyoz hidi kelib turadi va undan qutulib bo’lmaydi. Ammo piyoz — soch to’kilishiga qarshi uy sharoitida tayyorlanadigan eng yaxshi vosita hisoblanadi. Ba’zi bir sirlarni bilsangiz, piyozning noxush hidi bilan kurashish mumkin.

Piyoz hidini qisman yoki butunlay yo’qotish uchun 3 ta usul bor:

  1. Aromatik moylardan qo‘shish — niqobga bir necha tomchi lavanda, apelsin, dolchin, muskat yong‘oq, rozmarin yoki mavrak efir moylaridan qo’shing. Bu yoqimsiz hiddan qutulishdan tashqari, soch o’stirish uchun ham foydalidir.
  2. Kosmetik loylar — piyozli niqobni yuvib tashlagandan keyin yana 30 daqiqaga oq, moviy yoki pushti loydan niqob qo’ying. U o‘ziga hidlarni tortib oladi.
  3. Olma sirkasi eritmasi bilan chayish — tog’oraga sovuq suv solib, 1 litr suvga 1 osh qoshiq nisbatda 9 foizli olma sirkasi qo’shing. Piyozli niqobdan keyin ushbu eritmada sochlarni kamida 5 daqiqa chaying va yuvib tashlamang.

Soch to‘kilishini davolash: achchiq qalampir tindirmasi

Insonda hozirda faol bo’lgan soch follikulalaridan tashqari, ichki yoki tashqi salbiy omillar yoki mexanik shikastlanish ta’siri tufayli vaqtincha o‘sish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlari ham bor. Barcha follikulalarni uyg‘otish va faollashtirish uchun ba’zan radikal vositalarga murojaat qilish kerak bo’ladi, ulardan biri achchiq qalampir tindirmasidir.

Tindirma bosh terisiga tushgandan so’ng, u mahalliy qizdiruvchi va rag’batlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi. Ta’sirning intensivligi tindirma konsentratsiyasiga bog’liq. Muolaja uchun uyda tayyorlangan yoki dorixonalardan sotib olinadigan qalampir tindirmasi kerak bo’ladi.

Dorixonadan olingan tindirma narxi qimmat emas, ammo u soch o’stirish uchun maqsadda ishlatilganda, 3-4 marta qo’llashga yetadi. Shu sababli, uzoq muddat davolash istagida bo’lsangiz, preparatni o’zingiz tayyorlashingiz mumkin.

Achchiq qalampir tinrimasi tayyorlash retsepti. 5-7 dona qalampir oling, quritilgan yoki yangisi — ahamiyatga ega emas. Ularni ko‘ndalangiga 1 sm`dan kesib chiqing. 1 litrli bankaga 0,5 litr 40% etil spirti eritmasi quying, unga kesilgan qalampirlarni solib, 2 haftaga qorong‘u joyda og‘zi yopilgan holda qoldiring, vaqti-vaqti bilan chayqatib turing. Tayyor tindirmani shisha idishga solib, sovutgich eshigi yoki shkafda saqlang.

Qalampir tindirmasidan niqob tayyorlash. 1 osh qoshiq tindirmadan olib, shuncha miqdorda kanakunjut moyi yoki soch uchun balzam bilan aralashtiring. Paxtali disk yordamida niqobni sochlar ildiziga surtib chiqing. Niqobni teriga ishqalab surtish shart emas, yengil harakatlar bilan namlab chiqqandek qiling. So’ng boshni sellofan bilan o’rab, junli bosh kiyim kiyib oling, 30 daqiqadan so‘ng boshingizni yuvib tashlang.

Achchiq qalampir tindirmasi yordamida soch o’stirish uchun tavsiyalar:

  • Agar siz chidab bo’lmas achishish hissini sezsangiz, darhol boshingizni yuvib tashlang. Keyingi safar tindirmadan kamroq soling yoki suv bilan aralshtiring;
  • Umuman qizish hissi sezilmasa, bu tindirmaning noto‘g‘ri tayyorlanganidan yoki yaxshi saqlanmaganidan dalolat beradi;
  • Spirt bilan tayyorlangan tindirmani 10 martagacha suyultirish mumkin. Undan ko’pi samara bermaydi, kami esa zararli ta’sir ko‘rsatadi;
  • Bu aralashma yog‘li sochlar uchun mo‘ljallangan, quruqlari uchun esa qo‘shimcha sifatida balzam bilan birga qo‘llash tavsiya etiladi;
  • Agar boshda jarohatlar, yaralar, shilinishlar, yallig’lanishlar bo‘lsa, bu aralashmani qo’llamaslik kerak;
  • So’ch o’stirish uchun tindirmani haftada 2-3 marta qo‘llash kifoya. agar to’liq kallik bo‘lsa, 2-3 oy davomida har kuni 1 martadan qo‘llash kerak.

Soch o’stirish uchun tuz bilan massaj qilish

Bu usul qadim zamonlardan buyom ma’lum va ancha samarali hisoblanib kelingan. Soch o’stirish uchun har qanday turdagi tuz ham mos kelavermaydi. Masalan, maydalangan osh tuzi follikulalarga yetarlicha rag’batlantiuvchi ta’sir eta olmasligi mumkin. Biroq, gap faqatgina tuzning shakli va kattaligida emas, balki uning kimyoviy tarkibida ham.

Tabiiy kristallik dengiz tuzi sochlarga quyidagicha shifobaxsh ta’sir ko’rsatadi:

  • Abraziv — tuz bilan massaj qilayotganingizda tuz kristallari terining muguzlanuvchi qavatini ko‘chiradi va yangi epidermis hosil bo‘lishini tezlashtiradi;
  • Tozalovchi — tuzli eritma boshda qolib ketgan kosmetik qoldiqlar, chang va kirlarni tozalab ketadi;
  • Transport — tuz bilan massaj qilish teridagi teshikchalarni ochadi va qon aylanishini yaxshilaydi. Bunday vaqtda boshqa har qanday muolajalarning foydasi ko’proq bo’ladi;
  • Oziqlantiruvchi — dengiz tuzi tarkibidagi xlor va yod sochlarni quritadi, ammo bevosita teriga qo’llanilganda foyda keltiradi.
  • Antiseptik —  yuqoridagi moddalar bakteriya va zamburug’larga nobud qiluvchi ta’sir ko’rsatadi va o’z navbatida qazg‘oq hosil bo‘lishini kamaytiradi.

Tuz bilan soch o’stirish: muhim jihatlari va qarshi ko’rsatmalar

Agar sizning sochingiz quruq va sinuvchan bo‘lsa, tuz bilan muolaja sochlar to‘kilishini kuchaytirib yuborishi mumkin. Yog‘li sochlarda ham tuzlarning nojo‘ya ta’siri bo‘lishi mumkin. Masalan, bemorda seboreya va qichishish bo‘lsa, bosh terisini ko‘p qashilash natijasida u yerda yaralar hosil bo‘lgan bo‘lsa, tuz bilan massaj qilganda tuz kristallari yaralarga kirib, ularning tuzalishini qiyinlashtirishi, og’riq chaqirishi ehtimoli mavjud.

Sochni tuz bilan davolash bosh terisi shikastlanganda, o’ta quruq sochlarda, qandli diabetda, qalqonsimon bez kasalliklarida va dermatologik kasalliklarda qarshi ko’rsatmaga ega.

Boshning sochli qismini tuz bilan massaj qilish bosqichlari:

  • Agar siz osh tuzidan ko‘ra dorixonadagi kosmetik tuzdan foydalanishni afzal deb topsangiz, birinchi navbatda teringizning unga sezuvchanligini bilib oling. Buning uchun tirsak bukilmangizga shu tuz eritmasidan surting va 1 sutka kuting. Agar teringizda hech qanday qizarish va qichishish belgilari paydo bo‘lmasa, demak tuz sizga to‘g‘ri keladi.
  • Yuz, bo‘yin va sochlar atrofidagi teri sohasiga yog‘li krem surting. Bu bilan siz tuzli eritma tekkan terining qurib qolishidan himoyalanasiz.
  • Tuz bilan massaj faqatgina yuvilmagan sochlarda amalga oshiriladi. Chunki bosh terisida yog‘ bilan qoplangan qavat bo‘ladi va u terini qurib qolishidan saqlaydi.
  • Massaj qilish vaqti 5 daqiqadan oshmasligi zarur.
  • Tuzli niqoblar 20-30 daqiqaga qoldirilishi mumkin. Bunda qichishish va qizish hissini sezsangiz, darhol boshni toza suvda yuvib tashlash lozim.
  • Tuz bilan massaj qilingandan keyin boshni shampun bilan yuvish kerak emas. Chunki shundoq ham boshingiz quruqlashib qolgan. Muolajadan so‘ng sochlarni moychechak eritmasi bilan yuvish tavsiya qilinadi.
  • Muolajadan so‘ng sochlarni fen bilan quritish mumkin emas.
  • Tuz bilan muolaja haftasiga 2-3 marta 1 oy davomida o‘tkaziladi. Keyin esa 4-6 hafta tanaffus qilib, yana davom ettiriladi.

Tuzlar bilan muolaja qilish vaqti qish va bahor fasllaridir. Bu paytda sochlar bosh kiyim kiyib yurish tufayli kir bo‘ladi. Yoz oylarida esa muolaja o‘tkazish tavsiya etilmaydi, chunki shundoq ham bosh terisi issiq havoda quruq bo‘ladi.

Tuzli aralashmalar tayyorlash retsepti

  • Oddiy skrab. Nam soch ildizlariga yirikroq dengiz tuzini 5-7 daqiqa davomida massaj qilib surting. Bunda tuz kristallari to‘liq erib ketishi kerak. So‘ng boshni toza suvda yuvib, oddiy usulda quriting.
  • Zaytun moyi. 50 ml zaytun moyidan olib, unga 50 g tuz soling va suv hammomida biroz qizdiring. Tayyor bo‘lgan aralashmani yuvilmagan boshga surting va ustidan polietilen plyonka bilan yoping, uning ustidan esa sochiq o‘rab oling. 30 daqiqa o‘tgach boshingizni iliq suvda yuvib tashlang.
  • Asal. 50 ml suyuq asalga 50 g tuz solib, suv hammomida biroz qizdirib, mikserda ko‘piklar hosil bo‘lguncha aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmani sochlaringiz ildiziga surtib, 20-30 daqiqaga qoldiring, so‘ngra iliq suvda yuvib tashlang.
  • Tuxum sarig‘i. 2-3 ta tuxum sarig‘ini ajratib olib, unga 2-3 oshqoshiq tuz qo‘shing va mikserda aralashtiring. Bunda tuz kristallari oxirigacha erib ketmasligi kerak. Tayyor bo‘lgan aralashma bilan soch ildizlarini 5-7 daqiqa tuz to‘liq erib ketgunga qadar massaj qiling, keyin yuvib tashlang.
  • Kosmetik loy. Moviy kosmetik loy va suvdan 100 ml aralashmasidan tayyorlang va shuncha miqdorda tuz qo‘shing. So‘ngra 5-7 daqiqa davomida boshni massaj qilgan holda surting va yuvib tashlang.

Soch to’kilishiga qarshi qora sedana moyi

Bu osimlik moyi ozuqaviy moddalar, aminokislotalar, lipidlar, vitaminlar va minerallarga boy bo‘lib, ular bilan sochlarni mustahkamlash va hatto so’ngi bosqichdagi kallikni davolash ham mumkin. Kosmetika va farmatsevtika sanoati sohasida qora sedana yog‘i terapevtik shampunlar, balzam va niqob, shuningdek, yuz va tana uchun yoshartiruvchi kremlarini ishlab chiqarish uchun keng qo‘llaniladi. Tayyor mahsulotlarga ko‘p pul sarflash o‘rniga, dorixonada qora sedana moyini sotib olish va uni uy sharoitida qo‘llash mumkin.

Qora sedana moyi bosh terisi va soch quyidagicha shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi:

  • Soch follikulalarini mustahkamlaydi, vitaminlar, aminokislotalar va fermentlar bilan to‘yintiradi;
  • Tarash va bosh kiyim kiyish vaqtida sochlar mexanik jarohat olishidan himoyalaydi;
  • Quyosh nurlarining zararli ta’siridan himoyalaydi;
  • Hujayraviy regeneratsiyani kuchaytiradi va uxlab yotgan follikulalarni uyg‘otadi.

Bu juda konsentratsiyalangan vositadir, shuning uchun qora sedana moyini ehtiyotkorlik va me’yor bilan ishlatish kerak. Uy sharoitida tayyorlanadigan tabiiy niqoblar tarkibida uning ulushi terapevtik aralashma umumiy massasining 20 foizidan oshmasligi kerak. Soch o’sishini kuchaytirish uchun qora sedana moyini olib, kuniga 3 marta ovqatdan 10-15 daqiqa oldin 1 choy qoshiqdan qabul qilish mumkin.

Sochni qora sedana moyi bilan davolash 4-6 hafta davomida va shuncha tanaffus bilan amalga oshiriladi. Chunki bu preparatni doimiy ravishda qo‘llash organizmda biologik faol moddalar to‘planib qolishiga olib keladi. Sochni mustahkamlashning bu usuliga bevosita qarshi ko‘rsatmalar mavjud emas, lekin ba’zida qora sedana moyi allergiya holatlarini chaqirishi ham mumkin.

Birinchi bor qo‘llayotganingizda, albatta, teri bilan sinama o‘tkazib ko‘ring. Agar emizikli chaqalog‘ingiz bo‘lsa yoki homilador bo‘lsangiz, sedana moyini qo‘llash tavsiya etilmaydi.

Qora sedana moyidan tayyorlanadigan niqoblar

Quyida biz sizlarga 5 ta eng samarali retseptni keltiramiz:

  • Qalampir va kokos moyi bilan. Jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchidan, sochlarning ildizlariga 10 daqiqa davomida qizil qalampir tindirmasi qo‘llaniladi. U yaxshi qizdiradi va soch follikulalarini tayyorlaydi. So’ng qalampirli niqob yuvib tashlanadi. Bosh suv hammomida isitilgan bir necha tomchi kokos moyi va qora sedana moyi aralshmasi bilan massaj qilinadi. Aralashma 30 daqiqa davomida ushlab turiladi va yaxshilab yuvib tashlanadi.
  • Gullashga qarshi qaymoq-zaytun va qora sedana moyi. Ushbu niqob 15-20 daqiqaga qo’yiladi va sochlarning butun uzunligi bo’ylab yoyiladi. Bunda sochning uchlariga imkon qadar ko’proq niqob surtish kerak. Niqob tayyorlash uchun suv hammomida isitilgan 100 ml zaytun moyiga 1 osh qoshiq qora sedana moyi va shuncha yog’li qaymoq qo’shilib, aralashtiriladi.
  • Soch oqarishiga qarshi moychechak va qora sedana moyidan tayyorlangan niqob. 100 ml iliq moychechak tindirmasiga 1 osh qoshiq qora sedana moyi va 5 tomchidan kedr va rozmarin aromatik moyidan qo’shing. Hosil bo‘lgan niqobni 15-20 daqiqa davomida boshda ushlab turing, so’ng yumshoq shampun bilan yuvib tashlang.
  • Soch to’kilishi va qazg’oqqa qarshi qatiqli niqob. Agar soch to‘kilishi qazg‘oq bilan kechadigan bo’lsa, yarim stakan ilitilgan qatiqqa 1 osh qoshiq qora sedana moyi va bir necha tomchi choy daraxti moyidan qo’shing. Aralashmani 15-20 daqiqa sochlarda ushlab turing, so’ng yuvib tashlang.
  • Bosh terisi quruqligiga qarshi smetana-zaytun va qora sedana moyi aralashmasi. Soch to’kilishi va bosh terisining kuchli qipiqlanishi muammo tug’dirayotgan bo’lsa, ushbu niqobni qo‘llab ko‘ring. 50 ml zaytun moyini 50 ml smetana va 1 osh qoshiq qora sedana moyi bilan aralashtiring. 5 daqiqa davomida massaj qilish yo‘li bilan boshingizga surting, 30 daqiqaga qoldiring, so’ng yuvib tashlang.

Soch o’stirish uchun maslahatlar

  • Soch o’stirish uchun vitaminlar orasida PP vitamini (nikotin kislotasi) muhim sanaladi.
  • Yana bir muhim jihat — niqob (maskalar) muntazam qo’llanilishi kerak.
  • Muayyan vosita xarid qilishdan oldin uning tarkibi, firmaning nomi, internet foydalanuvchilarining sharhlari bilan tanishib chiqing. Chunki bugungi kunda sotuvda ko’plab foydasiz va qo’lbola vositalar mavjud.

Natija bo‘lmasa nima qilish kerak?

Soch to‘kilishining og‘ir shakllarida, masalan diffuz yoki androgen kallikda odamlar xalq tabobati vositalariga shubha bilan qarashadi. Biroq ular xususiy klinikalar va trixiolog shifokorlarga ko’p mablag’ sarflash, qimmatbaho vositalar sotib olishdan tap tortmaydilar. Bu kabi qimmat harakat ham natija bermasligi esa kishini yanada umidsizlikka cho’ktiradi. Agar siz ham shunday bo‘lsangiz, 3 muhim narsani bilishingiz zarur:

  • Malakali shifokor faqatgina butunlay soch to‘kilganda, ya’ni umuman qayta tiklanmaydigan hollarda soch ekish uchun kerak. Boshqa hollarda bemor bemalol muammoga qarshi o’zi mustaqil kurashishi mumkin;
  • Zamonaviy soch o‘stiruvchi vositalarning deyarli barchasining tarkibida mashhur va taniqli vositalar: keltirilgan moddalar mavjud. Soch o’stirish uchun tabiiy vositalardan foydalanib, ko‘pgina mablag’ni tejab qolish mumkin;
  • Muolajalarning natijasini faqatgina to‘liq bajargandagina ko‘rish mumkin, har kuni uzluksiz va bir necha oyda qilingan muolajalargina samara beradi.

Shunday qilib, “natija bo‘lmasa nima qilish kerak?” degan savolga javob oldingiz. O‘zingizdan so‘rang, ushbu natijaga erishish uchun hamma narsani qildingizmi? Agar bo‘lmasa, unda irodani mustahkamlang, dangasalikdan voz keching, maqsadga intiling va taslim bo‘lmang. Ijobiy munosabat va muvaffaqqiyatga ishonish, albatta, sochlarning oldingi salobati va go‘zalligini qayta tiklashga imkon beradi.

15
Loading...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.