Lavash xamiri tayyorlash — klassik retsept, bosqichlari + tavsiyalar
Lavash — mazali yassi non bo’lib, dastlab maxsus tandirlarda pishirilgan. Albatta har bir xonadonda tandir bo’lmasa-da, lekin uning mazasini uy sharoitida takrorlash mumkin. Buning uchun tova kerak bo’ladi xolos. Lavash xamiri tez tayyor bo’ladi va uning asosida boshqa ko’plab gazaklar tayyorlash mumkin.
Lavash xamiri tayyorlash
Tayyorlash vaqti: 20 daqiqa | Portsiyalar soni: 9
Kerakli masalliqlar:
- Suv — 250 ml;
- Tuz — ½ choy qoshiq;
- Bug’doy uni — 400 gr.
Tayyorlanishi:
- 250 ml iliq suvga 0,5 choy qoshiq tuz solib, eritib olinadi.
- Tuzli suvga asta-sekin elab un qo’shiladi (un miqdori chamalab olinadi, chunki naviga qarab biroz kam yoki ko’proq suv kerak bo’lishi mumkin).
- Yaxshilab xamir qoriladi va kolbasa shaklida qilib zuvala olinadi. Xamirning usti oziq-ovqat plyonkasi bilan yopilib, 30 daqiqaga tindirishga qo’yiladi.
- Xamir tingach, uzunchoq zuvala mayda bo’laklarga bo’lib olinadi.
- Hosil bo’lgan har bir bo’lakdan bo’lajak lavash tayyorlanadi. Xamir juda ingichka qilib yoyilishi kerak (2mm dan ko’p bo’lmagan holda).
- Tova o’rta olovga qizdirishga qo’yiladi. Yaxshilab qizigach, birinchi xamir ehtiyotkorlik bilan tovaga yoyiladi.
- Lavash qizarib, pufakchalar hosil bo’la boshlagach, teskari qilib ag’dariladi. Har bir tarafidan pishishi uchun o’rtacha 40 soniya vaqt ketadi.
- Pishgach, tovadan idishga olinib, yumshoq va egiluvchan bo’lishi uchun ustidan yengil qilib suv sepib chiqiladi va biroz muddat usti yopib qo’yiladi. Lavash tayyor!
Pechenlilar pishirishni organmoqchidim shunga shulardan koproq qoysela oldindan RAXMAT